Yadro quroli yaratish niyatimiz yo‘q—Raisiy
Eron prezidenti AQSHni yadro kelishuvini buzishda aybladi.

Tehron yadro quroli yaratishga harakat qilmayapti. Bu haqda Eron prezidenti Ibrohim Raisiy BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida ma’lum qildi.
“Eron Islom Respublikasi yadro quroli yaratish yoki unga egalik qilishga harakat qilmaydi hamda bu turdagi qurolga bizning doktrinamizda o‘rin yo‘q”, – degan u.
Prezident Eronning yadro dasturi bo‘yicha kelishuvni tiklashga jiddiy e’tibor berishini, ammo Vashingtonning bu bo‘yicha pozisiyasiga shubha bilan qarashini aytgan. Raisiy Tehron kelishuv doirasidagi majburiyatlariga amal qilish niyatida ekanini, ammo aynan AQSH shartnomadan chiqib ketganini qayd etgan.
“Amerika yadro kelishuvini oyoqosti qildi”, – deb qo‘shimcha qilgan Eron rahbari.
Ma’lumot o‘rnida: 2015 yilda Eron va AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya hamda Xitoy o‘rtasida “Hamkorlikdagi umumiy harakatlar rejasi” imzolangan. Unga ko‘ra, Tehron yadro quroli ishlab chiqishdan voz kechishi, Gʻarb esa iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishi lozim edi. Ammo 2018 yilda AQSH bu kelishuvdan chiqib ketdi.
Jozef Bayden AQSH prezidentiga aylangach, kelishuvni qaytib tiklash tashabbusi bilan chiqdi. 2021 yildan boshlab Venada sakkiz raundli muzokaralar o‘tkazildi. 11 mart kuni tomonlar tashqi faktorlar tufayli tanaffus oldi. Unga asosiy sabab qilib Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operasiyasi ko‘rsatilmoqda. Bunga qadar muzokaralar final bosqichiga chiqqan va fevral oxirida yakunlanishi kerak edi. So‘nggi oylarda Yevropa vositachiligida yadro kelishuvi bo‘yicha muzokaralar faollashdi.
Avvalroq AQSH Eronga yadro kelishuvi bo‘yicha takliflarini yuborgandi.








