Qo‘shnimiz bilan qanday qilib yomon bo‘lishimiz mumkin?! — Prezident
Shavkat Mirziyoyev hokimni tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rilayotgan navbatdan tashqari sessiyada bugungi dunyodagi vaziyat to‘g‘risida ham to‘xtaldi.

Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.
Sessiyada Toshkent viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rib chiqilmoqda.
Prezident 2021-yil noyabr oyidan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Mirzayev Zoyir Toirovich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.
Nomzod bo‘yicha muhokamalarni boshlashdan avval so‘zni nomzodga berib, uning 10 oy davomida viloyatda to‘plagan tajribasi va xulosalari asosida kelgusida hududni jadal rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalarini eshitish taklif qilindi.
“Men bugun qadimiy, vatanimiz taraqqiyotida katta o‘ringa ega bo‘lgan Toshkent viloyatida siz, azizlar bilan uchrashib, barchangizni sog‘-salomat va yaxshi kayfiyatda ko‘rib turganimdan xursandman.
Mana, Samarqandda yirik tadbir o‘tkazdik. Uning ahamiyatini hammamiz anglab yetyapmiz. SHHT sammiti oldida turli gap-so‘zlar ko‘payib ketganidan keyin men maxsus maqola eʼlon qildim va aniq tushuntirdim – bizning yo‘limiz faqat tinchlik va hamkorlik yo‘li!
Dunyo siyosatini kuzatyapsiz, kechagi vaziyat bugunga, bugungi vaziyat ertaga to‘g‘ri kelmayapti. Ularni yengish uchun katta siyosiy iroda kerak bo‘ladi.
Albatta, hammasini 5 yil oldingi vaziyat bilan solishtirish mumkin. Esingizda bo‘lsa, 5 yil oldin mana shu Toshkent viloyati yaqinida, respublikamiz sarhadlarida minalari turardi. Shaxsan o‘zim nazorat qilib ularni oldirdim. Axir qo‘shnimiz bilan qanday qilib yomon bo‘lishimiz mumkin?! Bizning bu harakatlarimiz barcha qo‘shnilarimizga o‘rnak bo‘lsin. Hamma harakatlarimiz mohiyati tinchlik va faqat tinchlik”, – dedi davlat rahbari o‘z nutqi boshida.







