Rasman: Nazarboyevga bag‘ishlangan kun endi davlat bayrami emas
Qozog‘istonda birinchi prezident kuni bayrami maqomi pasaytirildi.

Qozog‘iston parlamenti yuqori palatasi (Senat) Birinchi prezident kunini davlat bayrami maqomidan mahrum qildi. Senatorlar tegishli qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni maʼqullagan.
Bu taklif avvalroq mamlakat parlamenti quyi palatasi deputatlari tomonidan berilgandi. Deputatlar birinchi prezident kunini davlat ramzlari kuni, minnatdorchilik kuni kabi jamoaviy ahamiyatga ega kun sifatida nishonlashni taklif qilgan.
Qozog‘istonda birinchi prezident kuni 2012 yildan buyon nishonlandi. U mamlakat ilk rahbari Nursulton Nazarboyevning xizmatlariga hurmat yuzasidan joriy etilgandi. Shu paytga qadar har yilning 1 dekabr kuni barcha viloyatlarda tantanali tadbirlar o‘tkazilgan va butun Qozog‘istonda dam olish kuni eʼlon qilinib kelingan.
Avvalroq Qozog‘iston poytaxti nomini Ostona deb o‘zgartirish maʼqullangandi.







