Turistlarning 80 foizi Bo‘stonliq tumaniga boradi — Prezident
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida turizm sohasining holati ham tahlil qilindi.

Turizm sohasining holati tahlil qilinar ekan, turistlarning 80 foizi Bo‘stonliq tumaniga borishi, boshqa tumanlarda infratuzilma va xizmatlar past darajada ekanligi, ichki va xorijiy turistlar soni 1,5 million nafarga ham yetmasligi taʼkidlandi.
Prezident turizm xizmatlarini ko‘rsatishda asosiy yuk Bo‘stonliq tumaniga tushayotgani, shu bilan birga Bo‘stonliqda boshlangan loyihalar natijasi hali ko‘rinmagani, loyihalar o‘z holiga tashlab qo‘yilganini taʼkidladi.
Parkent, Angren va Ohangaron tog‘li hududlarida zamonaviy turizm klasterlarini tashkil etish ishlarini boshlash vaqti keldi, dedi davlatimiz rahbari.
Viloyatning har bir tuman va shahar hokimiga bir oy muddatda o‘z hududida turizmni qanday rivojlantirishi bo‘yicha aniq ish rejasini ishlab chiqib, ishlarni boshlash shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xorijiy ekspertni jalb qilib, viloyat turizmini rivojlantirish “master-reja”sini ishlab chiqish topshirildi.
Nomzod o‘z taqdimotida aholini uy-joy bilan taʼminlash masalasiga ham to‘xtaldi. Bir kishiga uy-joy bilan taʼminlash darajasi respublika darajasidan pastligicha qolayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga:
- kelgusi yilga ehtiyojmand aholi uy-joy ipotekasi uchun 100 milliard so‘m subsidiya ajratish;
- Zangiota tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivini qurish bo‘yicha taklif kiritish;
- Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron, Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlarida 19 ta avariya holatidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchilarni zamonaviy uy-joy bilan taʼminlash chorasini ko‘rish topshirildi.
Prezident viloyatdagi har bir fuqaroga bir marta yangi qurilgan xonadonni imtiyozli ipotekaga olish imkoniyatini berish kerakligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan kelgusi yildan “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturini Toshkent viloyatidan boshlash taklif qilindi.
Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning taklif va rejalarini muhokama qildi, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
So‘ng Toshkent viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.







