G‘arb toliblarni terrorizmga qarshi kurashga chaqirdi
Bu haqda AQSH va Yevropa davlatlari qo‘shma kommyunikesida so‘z boradi.

AQSH va Yevropa davlatlari "Tolibon" harakatini afg‘on fuqarolarini terrorchi guruhlar hujumidan himoya qilishga chaqirdi. Bu AQSH, YеI, Fransiya, Germaniya, Italiya, Norvegiya va Buyuk Britaniya tarqatgan qo‘shma kommyunikeda so‘z boradi.
15 sentyabr kuni yuqoridagi davlatlarning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari Nyu-Yorkda yig‘ilgan.
"Maxsus vakillar va elchilar "Tolibon"ni etnik va diniy jamoalarni ISHID va boshqa terrorchilar hujumlaridan himoya qilishga, shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etganlarni javobgarlikka tortish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqiradi", — deyiladi hujjatda.
Tomonlar, shuningdek, ayollar va etnik hamda diniy ozchilik guruhlarining huquqlari cheklab kelinayotganiga eʼtibor qaratgan. Ular toliblarni xotin-qizlarning o‘rta maktabga borishiga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashga chaqirgan.
Avvalroq AQSH va "Tolibon" o‘rtasida asirlar almashinuvi amalga oshirilgandi.







