Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo TIV rahbarlari va AQSH davlat kotibi uchrashdi
O‘zbekiston delegatsiyasiga Vladimir Norov boshchilik qilgan.

2022 yil 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSHning “C5+1”formatidagi Vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSH tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilgan.
Markaziy Osiyoning barqaror iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlash maqsadida “C5+1” formatida savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish yo‘llari to‘g‘risida fikr almashildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o‘z nutqida “C5+1” muhim muloqot mexanizmi ekanligini, uning doirasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish borasida maʼlum yutuqlarga erishilganini qayd etdi. O‘zbekiston tomonining “C5+1” doirasidagi tashabbuslari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, "Yashil kun tartibi" ni ilgari surish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi takliflar bildirildi.
Tomonlar “C5+1” doirasida yuqori va ekspert darajalarida yaqin muloqotni davom ettirish, shuningdek amaliy natijalarga erishishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rish bo‘yicha kelishib olgan.
Shu bilan birga Qozog‘iston tomoni ushbu formatning navbatdagi yig‘ilishini o‘z hududida o‘tkazishni taklif qilgan.







