O‘zbekistonga salqin havo kirib kelmoqda
Respublikada harorat 20-25 darajagacha pasayishi mumkin.

Joriy yilning 25-27-sentyabr kunlari O‘zbekiston hududiga Volga bo‘yi hududlaridan salqin va biroz nam havo kirib keladi. Bu bo‘yicha “O‘zgidromet” tezkor axborot e’lon qildi.
25-sentyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 26-27-sentyabr kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda.
25-26-sentyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 27-sentyabrda Surxondaryo viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda shamolning kuchayishi 21-23 metr/sekundga yetishi mumkin.
25-sentyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Xorazm viloyatida, 26-sentyabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida, 27-sentyabrda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Baland tog‘larda (2500 metrdan yuqorida) yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
26-sentyabrda shimolda, 27-sentyabrda respublikaning barcha hududlarida havo harorati kechalari 10-13 darajagacha, kunduz kunlari 22-25 darajagacha pasayadi.








