Raisiy: ShHT bizga, biz esa ShHTga imkoniyatlar eshigimiz
Eron Sharq va G‘arb o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prikka aylanmoqchi.

ShHT Eron uchun imkoniyatlar eshigiga aylanadi. Bu haqda Ibrohim Raisiy maʼlum qildi.
“ShHT — Eron uchun imkoniyatlar eshigi bo‘ladi. Eron esa o‘z navbatida tashkilot uchun imkoniyatlar darvozasi bo‘ladi”, – degan prezident.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ShHT Osiyoning turli iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarini birlashtirishi mumkin. Raisiy Rossiya va Xitoy bilan o‘zaro savdo aylanmasiga eʼtibor qaratib, tashkilotga aʼzolik Eronga katta foyda keltirishini aytgan.
Bundan tashqari, prezident ShHTga qabul qilinganligi uchun minnatdorchilik bildirgan va buni iqtisodiy taraqqiyot uchun yaxshi imkoniyat ekanini qayd etgan. Raisiy Eronning geografik joylashuvi uni G‘arb va Sharq o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prikka aylanishida muhim ekanini taʼkidlagan.
Eslatib o‘tamiz, ShHTning Samarqand sammiti doirasida Eronning ShHTga aʼzoligi bo‘yicha majburiyatlar memorandumi imzolangandi. Bu majburiyatlar bajarilgan taqdirda, Tehron tashkilotga aʼzo davlatga aylanadi.







