Blinken Pekinni Rossiya masalasida ogohlantirdi
AQSH davlat kotibi Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi.

Entoni Blinken Xitoy TIV rahbari Van I bilan uchrashuvda Pekinni Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan taqdirda yuzaga keladigan oqibatlardan ogohlantirdi.
O‘z navbatida Xitoy tashqi ishlar vaziri Vashingtonni Tayvandagi harakatlari orqali Xitoy suverenitetiga tahdid solishda ayblagan.
“U (Blinken – tahr.) AQSHning Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qoralashini taʼkidladi va XXR Moskvani bu vaziyatda qo‘llab-quvvatlasa, oqibatlardan ogohlantirdi”, – deyiladi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays bayonotida.
Davlat kotibi va Xitoy TIV rahbari Nyu-Yorkda, BMT Bosh assambleyasi 77-sessiyasi doirasida uchrashgan. Bundan tashqari, Blinken Pekinga aloqa kanallari saqlanib qolishini, ikki tomonlama munosabatlarni masʼuliyat bilan boshqarishni taklif qilgan. Bu ayniqsa, tarangliklar paytida muhim ekanligi taʼkidlangan.
AQSH davlat kotibi Qo‘shma Shtatlarning “Yagona Xitoy” prinsipiga sodiq ekanini qayd etgan.
Avvalroq Van I Xitoy-AQSH munosabatlarining joriy holatiga baho bergandi.







