O‘zbekistonning olis hududlarida gaz va oziq-ovqat zaxiralari yaratiladi
Bu bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi.

Kecha, 23-sentabr kuni “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanalida xabar berildi.
Qarorga ko‘ra, 2022/2023-yillar kuz-qish davrida respublika bo‘yicha 2967 ta ko‘p kvartirali uylar, 299 ta gaz taqsimlash punktlari, 1815.3 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 2420 ta ijtimoiy soha obyektlari (jumladan, 13 ta maktab, 74 ta shifoxona va poliklinika, 7 ta OTM, 47 ta madaniyat obyektlari, 11 ta sport obyektlari mukammal) ta’mirlanadi.
149 kilometr gaz quvurlarini tiklash-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. 6209 ta mahallaga 314,400 tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. 1,680,000 tonna ko‘mir mahsulotlari zaxirasi yaratiladi (shundan ijtimoiy soha obyektlariga 518,000 tonna ko‘mir yetkazib beriladi).
443 ta olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq (ovul)larda ko‘mir, gaz va oziq-ovqat zaxiralari yaratiladi.








