Rossiya TIV: AQSH va NATO bilan to‘qnashuv milliy manfaatlarimizga mos kelmaydi
Lavrovning o‘rinbosari Moskva hech kimga yadro quroli bilan tahdid qilmayotganini taʼkidladi.

Moskva Vashingtonni Ukrainadagi mojaro tufayli to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuv xavfidan ogohlantiradi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov maʼlum qildi.
“G‘arbning “maxsus harbiy operatsiya”ga aralashuvi xavfidan ogohlantiramiz. Shuningdek, AQSH maʼmuriyatini Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvga olib keladigan vaziyatdan qochishga chaqiramiz”,– degan u.
Shu bilan birga diplomat Moskva hech kimga yadro quroli bilan tahdid qilmayotganini qayd etgan. Ryabkovning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va NATO bilan to‘qnashuv RF milliy manfaatlariga umuman mos tushmaydi.
Avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukraina qurolli kuchlariga qarshi yadro quroli qo‘llanilmasligini aytgandi.







