5 ta tumanda hokimlar ishdan bo‘shatildi
Andijon viloyatida 3 ta hokim lavozimidan ozod qilingan.

Prezident qarori bilan Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarining bir qator tumanlarida hokimlar ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixonov va Farg‘ona tumani hokimi Shuhratjon Mo‘minov yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani, faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, Paxtaobod tumani hokimi Elyorbek Usmonov va Nurobod tumani hokimi Sherali Yuldashev rahbarlik etikasi qoidalariga rioya etmagani, xizmat vakolatidan chetga chiqib qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun, Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev esa davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.








