Merkel: Putinning so‘zlarini jiddiy qabul qilish kerak
Germaniya sobiq kansleri Rossiya prezidentining yadro qurolini qo‘llash haqidagi bayonoti haqida gapirdi.

Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel Putinning yadro qurolini qo‘llash to‘g‘risidagi bayonotini jiddiy qabul qilishga chaqirdi. Uning fikricha, bu zaiflikni emas, “siyosiy donolik”ni bildiradi.
“Uning so‘zlarini jiddiy qabul qiling, buni shunchaki blef deb yengil qaramang. Bu gaplarga jiddiy qarash zaiflik emas, siyosiy donolik belgisi”, – degan sobiq kansler.
Nemis OAVlari bu orqali Merkel Putinning 21 sentyabr kungi gaplarini nazarda tutganini taʼkidlagan.
Rossiya rahbari o‘tgan haftada mamlakatda qisman harbiy safarbarlik eʼlon qilgan paytida RF hududiy yaxlitligiga tahdid tug‘ilgan taqdirda barcha himoya vositalaridan foydalanilishini aytgandi.
Hozirda dunyoning aksariyat davlatlari buni yadro tahdidi sifatida qabul qilgan. AQSH Moskvani “yadro zarbalarining halokatli oqibatlari”dan ogohlantirdi.
Avvalroq Qo‘shma Shtatlar sobiq prezidenti Donald Tramp dunyo tarixdagi eng xavfli pallada turganini aytgandi.







