Qashqadaryoda 19 yoshli qiz poyezd urib yuborishi oqibatida vafot etdi
Hozirda holat yuzasidan tekshiruv boshlangan.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumani hududida joylashgan Koson—Sug‘diyona poyezd bekatlari oralig‘ida yuk poyezdi 19 yoshli qizni urib yubordi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat 25 sentyabr kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi navbatchilik qismiga “Qarshi mintaqaviy temiryo‘l uzeli” unitar korxonasi navbatchisi S.T. qo‘ng‘iroq qilib, Koson—Sug‘diyona temiryo‘l bekati oralig‘ining 4102-kilometr 9-to‘sig‘ida 3472-sonli Buxoro—Qarshi yo‘nalishidagi yuk poyezdi odam urib yuborgani haqida xabar bergan.
Shuningdek, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida poyezd boshqaruvida Qarshi tumani “Poshton” MFY Tuyabo‘yin qishlog‘ida yashovchi, Qarshi lokomotiv deposida mashinist bo‘lib ishlovchi 1995 yilda tug‘ilgan E.Sh. bo‘lgani aniqlangan.
E.Sh. boshqaruvidagi yuk poyezdi Koson—Sug‘diyona poezd bekatlari oralig‘ida mazkur tumandagi “Yuqori obron” mahallasida yashovchi, turmushga chiqmagan, 2003 yilda tug‘ilgan U.G. panjaralar bilan to‘silmagan temiryo‘l izidan o‘tayotganida teplovoz old tomoni bilan urib yuborgan.
Oqibatda qiz vagon ostida qolib, voqea joyida vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.








