Surxondaryoda 3-sinf o‘quvchisi maktabda vafot etdi
Hozirda holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Denov tumanida 3-sinf o‘quvchisi qotillik qurboni bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Denov tumani “Buyuk ipak yo‘li” mahallasida yashovchi M.Q. (ayol) 27-sentyabr kuni soat 17:25 larda o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, 2013-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Z.Q.ni Sariosiyo tumaniga olib borgan. Uyiga qaytib kelgan vaqtida voyaga yetmagan Z.Q.ning sog‘ligi yomonlashgan. M.Q. holatni ko‘rib, bila turib uni hayoti xavf ostida qolganligi va o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lganligini anglagan holda unga yordam ko‘rsatmasdan, shu mahallada joylashgan Denov tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 15-maktabning hovlisiga olib borib tashlab ketgan. Oqibatda voyaga yetmagan Z.Q. maktab hovlisida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 28-sentyabr kuni Denov tumani prokuraturasi tomonidan M.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tuman IIB TB tomonidan olib borilmoqda.
“Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olindi”, — deyiladi xabarda.








