Veterinariya va chorvachilik sohasida ko‘krak nishonlarini berish tartibi belgilandi
Bu bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi.

27-sentyabr kuni Hukumat qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi” va “O‘zbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori” ko‘krak nishonlari to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanalida xabar qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasi veterinariya fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan veterinariya sohasini rivojlantirish, sohada nazoratni kuchaytirish va xizmatlar sifatini oshirish, epizootik osoyishtalik, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan fuqarolar taqdirlanadi.
Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish, chorva mollari naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan shaxslarga “O‘zbekiston Respublikasi chorvachilik fidokori” ko‘krak nishoni topshiriladi.
Nomzodlar bo‘yicha takliflar har yili 1 iyulgacha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga beriladi. Qo‘mita raisi tomonidan nomzodlarni ko‘rib chiqish uchun 5 kishilik komissiyalar tuziladi.
Komissiyalar nomzodlar bo‘yicha takliflarni o‘rganib 1 avgustgacha yakuniy xulosalarni qabul qiladi. Xulosalar asosida Qo‘mita raisining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyruqlari qabul qilinadi.
Ko‘krak nishonlari har yili 1 sentyabr – Mustaqillik bayrami arafasida tantanali topshiriladi. Ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari (1,2 mln so‘m) miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti va esdalik sovg‘alar beriladi.








