Andijonda fermer xo‘jaligi rahbari IIB xodimlari tomonidan kaltaklangani aytildi
U 100 tonna paxta xomashyosini qabul punktiga topshirmasdan, o‘zining dala maydonida saqlab kelayotgan bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida IIB xodimlari fermerni urgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 24-sentabr kuni Bo‘ston tumanida “Xavfsiz xonadon” profilaktik tadbiri o‘tkazilgan. Tadbir davomida Nurafshon mahallasida yashovchi 1962-yilda tug‘ilgan Arabov Anarboy Qodiraliyevichga qarashli “Bahodir” fermer xo‘jaligining yer maydonidan terib olingan 80-100 tonna paxta xomashyosi qabul punktiga topshirilmasdan, xo‘jalik shiyponida ochiq holda saqlanyotganligi aniqlangan.
Ushbu fermer xo‘jaligi rahbari A.Arabov bilan suhbat o‘tkazilib, undan dala shiyponida nima sababdan ko‘p miqdordagi paxta xomashyosini saqlab kelayotganligi so‘ralganida paxta xomashyosini birinchi navga topshirish maqsadida quritish uchun saqlayotganligi va quruq holga kelgandan so‘ng topshirishini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng xo‘jalik rahbari A.Arabovga paxta xomashyosini saqlashda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi, uni talon-toroj, nes-nobud bo‘lishini va yong‘in chiqish holatlarini oldini olish maqsadida terilgan paxta xomashyosini qabul qilish uchun shartnoma tuzilgan korxonalarga topshirishi yuzasidan tushuntirishlar berilgan.
“Suhbat jarayonida fermer xo‘jaligi rahbari A.Arabov va uning farzandi B.Arabovlarga nisbatan hech qanday jismoniy kuch ishlatilmagan, mulklariga shikast yetkazilmagan, ularning shaxsiyatiga tegadigan so‘zlar bilan haqorat qilinmagan. Fermer xo‘jaligi rahbari A.Arabov tomonidan suhbat yakuni bo‘yicha xodimlarga hech qanday e’tirozlar bo‘lmagan”, — deyiladi xabarda.








