Samarqandda “katta jinoyatchilar” ushlangani aytildi
Holatga viloyat IIB izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqda Samarqand viloyatida katta jinoyatchilar ushlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Hodisa 26-sentyabrdan 27-sentyabrga o‘tar kechasi viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati bo‘linmalari patrul-post xizmati bataloni xodimlari Samarqand shahrining Ibn Sino va Daxbet ko‘chalarida xizmat olib borayotgan vaqtida yuz bergan.
Xodimlar “Ipak yo‘li banki” ro‘parasida turgan fuqaro belgilanmagan joyda tamaki mahsulotini iste’mol qilayotganligini ko‘rib, unga jamoat joyda chekmasligi tushuntirgan. Shundan so‘ng fuqaro xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, ularga baqirib, ikki nafar sherigi bilan ularga faol qarshilik ko‘rsatgan.
Qo‘shimcha kuchlar yetib kelgach, fuqarolar IIBga olib borilib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194- va 195-moddalariga asosan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun sud organlariga yuborilgan.







