Butun o‘zbekistonliklarning onasidan so‘kkan sobiq IIB xodimi uzr so‘rab chiqdi
U audioyozuvdagi gaplar mast holatida aytilganini bildirgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida sobiq IIB xodimi butun o‘zbekistonliklarning onasidan so‘kkani yozib olingan audioxabar tarqalgandi.
Viloyat IIB ma’lumotlariga ko‘ra, audio yozuv egasi — 1992-yilda tug‘ilgan A.Sulaymonov 2022-yilda Oqqo‘rg‘on tumani IIB Profilaktika inspektori lavozimiga qabul qilingan. Yosh xodim ko‘p o‘tmay xizmat faoliyati davomida o‘zini salbiy tomondan ko‘rsatganligi va noo‘rin xatti-harakatlari sababli joriy yil 30-avgust kuni ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.
“Bir ayol bilan janjallashib qolganimdan keyin meni ishdan bo‘shatib yuborishdi. Oradan 10 kunlar o‘tib, o‘sha ayol menga telefon qildi. O‘sha paytda men mast holatda edim. Jahlim chiqib, uni har xil so‘zlar bilan haqoratladim. Nima deb so‘kkanimni, nimalar deganimni o‘zim ham bilmadim.
Butun Oqqo‘rg‘on ahlidan, butun O‘zbekiston aholisidan kechirim so‘rayman. Bu ishlarimdan pushaymonman”, — deydi u.
Hozirda fuqaro A.Sulaymonovga nisbatan Oqqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.







