Oqqo‘rg‘onda IIB xodimi butun o‘zbekistonliklarning onasidan so‘kkani aytilmoqda
Hozirda mazkur holat Prokuratura tomonidan nazoratga olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Oqqo‘rg‘on tumani IIB xodimiga tegishli deb izohlangan audio yozuv tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB matbuot kotibi Bobur To‘laganov rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, audio yozuv tegishli ekani aytilayotgan fuqaro — 1992-yilda tug‘ilgan A.Sulaymonov 2022-yilda Oqqo‘rg‘on tumani IIB Profilaktika inspektori lavozimiga qabul qilingan.
Yosh xodim ko‘p o‘tmay xizmat faoliyati davomida o‘zini salbiy tomondan ko‘rsatganligi va noo‘rin xatti-harakatlari sababli joriy yil 30 avgust kuni ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.
“Hozirda xabarda ko‘rsatilgan audio yozuv aslida kimga tegishli ekanini aniqlashga qaratilgan ekspertiza va surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda”, — deyiladi xabarda.







