Qiyinchiliklarga qaramay, Yaponiya Rossiya bilan tinchlik shartnomasini imzolamoqchi
Ikki davlat Ikkinchi jahon urushi yakuni bo‘yicha tinchlik shartnomasi imzolamagan.

Yaponiya Rossiyaga qarshi sanksiyalar kursini davom ettirsa-da, Moskva bilan tinchlik shartnomasi imzolanishiga umid qilmoqda. Bu haqda bosh vaziri Fumio Kisida maʼlum qildi.
Yaponiya va RF Ikkinchi jahon urushi yakuni bo‘yicha rasman tinchlik shartnomasi imzolamagan. 1945 yilda Janubiy Kuril orollari Moskva ixtiyoriga o‘tadi. Bu yerdagi ayrim hududlarga hamon Tokio daʼvo qiladi.
Kisida Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari xalqaro tartibot asoslariga putur yetkazganini aytgan.Aynan shu tufayli Yaponiya va RF o‘rtasidagi munosabatlar ham ancha yomonlashgani qayd etilgan.
“Ammo biz hududiy muammolarni yechishga va tinchlik shartnomasiga erishishga qaratilgan harakatlarni davom ettiramiz”, – degan yapon hukumati rahbari.
Mart oyida Rossiya Kuril orollari bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib qo‘ygandi. Shuningdek, yaponiyaliklarning orollarga vizasiz kirib kelishi tartibi ham bekor qilindi. O‘z navbatida Yaponiya 2003 yildan buyon ilk bor Kurilni “noqonuniy okkupatsiya qilingan hudud" deb eʼlon qildi.
Avvalroq Yaponiya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etgandi.







