Toshkentda yurist pora bilan qo‘lga tushdi
U hokimlikning bosh yuriskonsultati bo‘lgan.

Tadbirkorning 1500 AQSH dollarini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan yuriskonsult ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, Departament hamda DXXning Yakkasaroy tumani bo‘limlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Yakkasaroy tuman hokimligining bosh yuriskonsulti B.N. “B.S.” MCHJ tomonidan ochilgan do‘konning egalik huquqini bekor qilish yuzasidan sudlar tomonidan ko‘rilayotgan apellyasiya ishini yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berishni 1500 AQSH dollariga kelishib, shundan 500 AQSH dollarini ishni boshlash bahonasida qo‘lga kiritib, qolgan 1000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







