Samarqandda avtobus konduktorlari yo‘lovchi talashib, mushtlashdi
Holatga viloyat IIB izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida yo‘nalishli avtobus haydovchilari va konduktorlari ishtirokida janjal sodir bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Holat 10-oktyabr kuni soat 16:30 da Samarqand shahrining Daxbed–Rudakiy ko‘chalari kesishmasida yuz bergan. Yo‘nalishli harakatlanuvchi 64-sonli avtobus konduktori Q.J., 52-sonli yo‘nalishli harakatlanuvchi avtobus haydovchisi M.E. va ushbu avtobus konduktori bilan yo‘lovchi olish bo‘yicha o‘zaro tortishib qolib, janjal yuzaga kelgan.
Janjal davomida tomonlar bir-birlariga tan jarohatlari yetkazgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.








