Shavkat Mirziyoyev mablag‘lar sarflanishini nazorat qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
2023-yildan davlat obyektlari loyihalari maxsus platforma asosida ishlab chiqiladi.

Bugun, 17-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mahallalar infratuzilmasiga ajratilayotgan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilish masalasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
11 oktyabr kuni mahallalarda aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda xalqni quvontirgan, odamlar manfaatiga qaratilgan juda ko‘p yangiliklar aytildi.
Jumladan, bu yilning qolgan ikki oyida 5 ming 284 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilashga 2 trillion 700 milliard so‘m ajratiladi. Ichki yo‘llarni ta’mirlashga mablag‘lar hajmi 2,2 barobarga oshiriladi. “Tashabbusli byudjet” doirasida 1,5 mingta mahalladagi loyihalarga 1 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Kelgusi yildan “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun 8 trillion so‘m beriladi.
Yig‘ilishda bu mablag‘lardan samarali foydalanish va sarflanishini nazorat qilish masalalari muhokama qilindi.
“Kelgusi yildan “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, yo‘l qurilishi va boshqa davlat investisiya dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishning yangi tizimiga o‘tamiz. Ushbu dasturlar va xarajatlar faqat va faqat aholi ovoz bergan loyihalarga yo‘naltiriladi. Prokurorlar esa ajratilayotgan “har bir so‘m”ning o‘z o‘rnida ishlatilishini ta’minlab, nazorat qilishi lozim”, — dedi davlat rahbari.
Shu bois, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori davlat dasturlari ijrosi yuzasidan yangi nazorat tizimini joriy etish, talon-torojlik va qonunbuzilishlarning oldini olish, qurilishlarni ochiq-oshkora tizim asosida amalga oshirish choralari to‘g‘risida axborot berdi.
Prezident qurilish jarayonlarini nazorat qilishda aholi ishtirokini kengaytirish, ob’yektlarni qabul qilish komissiyalariga mahalla raislarini kiritish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish ob’yektlariga xorijiy texnik-nazorat mutaxassislari jalb qilinishi, davlat ob’yektlari bo‘yicha loyiha hujjatlari “Qurilish resurslari klassifikatori” platformasi asosida ishlab chiqilishi belgilandi. Bu platforma qurilish materiallari narxlarini yagona tamoyil asosida shakllantirish imkonini beradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga loyihalar, pudratchilar va qurilish haqidagi ma’lumotlarning jamoatchilik uchun ochiqligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.








