Toshkent havo iflosligi bo‘yicha rekord qo‘ydi
Bugun poytaxtda chang bo‘ronlari bo‘lishi kutilmoqda.

17-oktyabr soat 17:40 holatiga IQAir reytingida Toshkent shahri havosining iflosligi bo‘yicha Dehlini ham ortda qoldirib, dunyoda 1-o‘ringa chiqdi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar qildi.
Bugun 18:00 dan 23:00 gacha Toshkent shahri atmosfera havosi mayda chang zarrachalari bilan ifloslanishi kuchayishi kutilmoqda. Bunga uzoq vaqt davomida yog‘ingarchilikning bo‘lmagani va havo haroratining inversiyasi sabab bo‘lgan.
Shu munosabat bilan “O‘zgidromet” quyidagi tavsiyalarni berdi:
—imkoni boricha uydan chiqmaslik;
—ko‘chada albatta tibbiy niqob taqish va uni har bir soatda almashtirish;
—nafas qaytishi, burun bitishi, aksa urish, tumov, ko‘zlar qizarishi va qichishishi, tomoqda qattiq qichishish, yo‘tal paydo bo‘lganda zudlik bilan allergolog shifokorga murojaat qilish;
—tuzli eritmada burun va tomoqni chayish, oynalarni yopiq holatda saqlash, oynalarning oldida ho‘l sochiqlarni yoyib qo‘yish.








