Toshkentda 18 yoshli talaba qiz 5 yilga qamaldi
Holat yuzasidan shahar sudi bayonot berdi.

Ijtimoiy tarmoqda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 18 yoshli qiz 4 yil-u 3 oyga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabarlar tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo’lmoqda. Holat yuzasidan shahar sudi rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2022-yil 18-avgustdagi hukmiga ko‘ra, 2004-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Dilafruz Jumayeva Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 18 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2022-yil 18-avgustdagi hukmi o‘zgartirilib, D. Jumayevaning ayblovidan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi chiqarilib, ushbu modda bilan va 59-moddasi tartibida tayinlangan jazo bekor qilingan. D. Jumayevaga Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi 1-qismi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoldirilib, mazkur kodeksning 155-2-moddasi 1-qismi bilan, ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llab, 4 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Endigina 18 yoshga to‘lgan D. Jumayevaga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanganligi g‘oyatda achinarli. Ijtimoiy tarmoqlarda D. Jumayevaning “oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirganligi, prokuror ham unga yengillik so‘ragani” keng muhokama qilinmoqda. Biroq, shuni unutmaslik lozimki, xoh talaba bo‘lsin, xoh yoshi ulug‘ shaxs bo‘lsin, qonun barchaga barobar, jinoyatga esa jazo muqarrar. O‘z navbatida faol fuqarolik pozisiyasiga ega bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlarimiz aybdorga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanganiga ham norozilik bildirganlar. Albatta, bunday kuyunchaklik, shu yurt farzandi — D. Jumayevaning taqdiriga befarq bo‘lmaslik tahsinga sazovor holat”, — deyiladi xabarda.
D. Jumayeva terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketish maqsadida yaqinlaridan xufyona tarzda jomadon xarid qilgan. Unga kiyim-kechaklarini joylashtirib, 2022-yil 15-martda xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishga erishgan. Ularni o‘z tanishining uyida yashirin ravishda saqlab kelgan. 2022-yil 26-mart kuni soat 11.00 da “O‘zbekiston-Turkiya-Suriya” yo‘nalishi orqali Suriyaga borib, terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish maqsadida harakat qilayotganida fosh etilgan va protsessual tartibda ushlangan. Sud D. Jumayevani ochiqda qoldirish orqali qayta tarbiyalash imkoni mavjud emasligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan.
D. Jumayevaning jinoyat sodir etishdagi aybi tergov va birinchi bosqich sudi jarayonlarida o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib bergan ko‘rsatmalari, guvohlarning ko‘rsatmalari, uyali telefon apparatlarini tekshirish uchun olib qo‘yish va ko‘zdan kechirish bayonnomalari, A4 formatidagi 12 dona qog‘oz varag‘iga joylashtirilgan matnli yozishmalar, sud-texnik ekspertizasining xulosalari va unga ilova qilingan DVD+R disklar, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertlarining sudga oid dinshunoslik ekspertizasining xulosalari hamda jinoyat ishi hujjatlarida mavjud bo‘lgan boshqa ob’yektiv dalillar majmui bilan o‘z isbotini to‘liq topgan.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar sudi tomonidan chiqarilgan ajrimdan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarda Oliy sudga kassatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest keltirishga haqli.








