Ashxobodda “Toshkent” bog‘i ochildi
Bog‘da o‘zingizni xuddi Toshkentda yurgandek his etishingiz uchun barcha muhit yaratilgan.

Ashxobodda “Toshkent” bog‘ini barpo etish to‘g‘risida Turkmanistonning sobiq Prezidenti, Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 2021 yilning 17 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulazizi Komilov bilan uchrashuvi chog‘ida maʼlum qilgandi.

“Toshkent” istirohat bog‘i Ashxobod shahrining tarixiy markazida — sobiq «Gunesh» bog‘i o‘rnida, Maxtumquli shoh ko‘chasi bo‘ylab joylashgan. Bu joy o‘ta ko‘rkam, gavjum va yashil maydonlarga boy. Uning hududida Vazirlar Mahkamasi, sirk va drama teatri binolari joylashgan.


Bog‘ni qurish uchun Turkmaniston byudjetidan 21 million 150 ming manat (6,43 million dollar) ajratildi. Taxminan 28,6 ming metrkvadrat maydonda yashil maydonlar, gulzorlar va yo‘laklardan iborat landshaft barpo etildi, O‘zbekiston poytaxtining diqqatga sazovor joylarining miniatyura nusxalari bo‘lgan 20 dan ortiq obyektlar barpo etildi.

Bu yerda poytaxtimizdagi “Mustaqillik” maydoni, Oloy bozori, Toshkent teleminorasi va yana ko‘plab o‘zbekona maket va dekoratsiyalarni uchratasiz.


Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyevga Maxtamquli nomidagi Turkmaniston davlat universitetining faxriy professori unvoni ham berildi.








