Bo‘stonliqda bo‘rsiqlar noqonuniy ovlandimi?
Ekoqo‘mita ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Bo‘stionliq tumanida bo‘rsiqning noqonuniy ovlanishi bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Bo‘stonliq tumani “Yakkatut” MFYda yashovchi A.T. va I.R. Chotqol daryosining yuqori qismida simga bog‘lanib qolgan bo‘rsiqni ko‘rib qolib, uyali telefoniga rasmga tushishgani, shundan so‘ng bo‘rsiqni simdan ozod qilib qo‘yib yuborganligini bildirgan. Ushbu holat joriy yilning sentyabr oyida sodir bo‘lgan.
O‘rganish davomida fuqarolarga yovvoyi hayvonlarni nobud qilish, O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining 42-moddasi va “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunining 17, 27-moddalari bilan javobgarlikka tortilishi tushuntirilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi hamda Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.








