Namanganda maktab xodimi o‘quvchining otasini kaltakladi
Do‘pposlangan 33 yoshli erkak dalaga tashlab ketilgan.

Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 10 sentyabr kuni 33 yoshli erkak Yoshlar yetakchisi va uning ukasi tomonidan tomonidan kaltaklanib, dalaga tashlab ketildi, deya xabar bermoqda “Effect.uz” nashri.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 8 sentyabr kuni Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 65-maktabda Yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlaydigan S.Q. 4-“B” sinfdagi o‘quvchilarni dars paytida shovqin ko‘targanligi uchun 2012 yil 14 yanvarda tug‘ilgan Muborak To‘lqinovaga va boshqa o‘quvchilarga baland ovozda tanbeh berib, ularni koyigan. To‘lqinova shu kuni otasi Odilxon Ismoilovga maktabda bo‘lgan voqea haqida gapirib bergan.
Qiziga bo‘lgan qo‘pol munosabatga oydinlik kiritish uchun Ismoilov yoshlar yetakchisini qidirib maktabga borgan, biroq o‘sha kuni S.Q. maktabda bo‘lmagan. Yoshlar yetakchisini maktabdan topa olmagan qizning otasi 10 sentyabr kuni soat Yoshlar yetakchisiga qo‘ng‘iroq qilib, ko‘rishib olishni taklif qilgan.
Shundan so‘ng Odilxon Ismoilov va S.Q. “Qorapolvon” MFY hududidagi shaxsiy dala maydoniga yaqinroq joyda uchrashishgan. U joyda o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro kelishmovchilik natijasida S.Q. va ukasi S.M. mahalladoshi Odilxon Ismoilovni urib-tepib, unga jiddiy tan jarohati yetkazishgan. S.Q. qo‘lidagi tosh bilan Odilxon Ismoilovni ko‘z bilan quloqni o‘rtasiga urgan.
Bemor Odilxon Ismoilov 10 sentyabr kuni og‘ir qo‘shma shikastlanish, burunning yopiq shikastlanishi, bosh miyaning chayqalishi, tanada ko‘plab yirtilgan-shilingan yuzlaridagi jarohatlar tashxisi va bir qator og‘ir darajalar bilan Yangiqo‘rg‘on tumanidagi TTBning Travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan va o‘n kun davomida davolangan.
“Bunday jinoyatlarni jazosiz qoldirish mumkin emas. IIV ushbu masalani o‘z nazoratiga olishi kerak. Namangan shahri IIB rahbari va uning xodimlari mazkur holat ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazib, ularga huquqiy baho berishi, aybdorlarni orqasida kim tursa ham, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, aybdorlar jazolanishi zarur”, — deydi murojaatchi.








