Rossiyalik milliarder Fridmanning o‘g‘li o‘zini ukrain deb atadi
U Kiyevdan o‘ziga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragan.

Rossiyalik milliarder Mixail Fridmanning o‘g‘li Aleksandr Ojelskiy o‘ziga qo‘yilgan Ukraina sanksiyalarini tanqid qilib chiqdi. U 24 fevraldan keyin Rossiyani tark etgani va Londonda qurolli mojaroga qarshi aksiyada ishtirok etganini aytmoqda.
“Menimcha, bu qaror bekor qilinishi lozim. Men sanksiyalarga loyiq emasman. O‘zimni ukrain deb bilaman, u yerda mening yaqinlarim bor, Ukrainaga borishga odatlanib qolganman. Ammo hozir buni amalga oshirishimga ishonmayman”, – degan u.
22 yoshli Ojelskiy hozirda Dubayda yashayotganini maʼlum qilgan. U Rossiyadagi biznesi va do‘stlarini tashlab kelganini va vataniga qaytish istagi yo‘qligini taʼkidlagan.
Janob Ojelskiy milliarder Mixail Fridmanning yagona o‘g‘il farzandi hisoblanadi. Tadbirkor bundan oldin barcha boyligini farzandlariga qoldirmoqchi ekanini aytgandi. Uning o‘g‘li 20 oktyabrda Ukraina sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi.







