Vladimir Norov BMT sobiq Bosh kotibi bilan uchrashdi
Tomonlar “yashil” loyihalarni muhokama qilgan.

2022 yil 24 oktyabr kuni “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yashil o‘sish global instituti (GGGI) Assambleyasi Raisi, BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yashil o‘sish global instituti o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va GGGI o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, bugungi kunda qiymati 5,9 million AQSH dollarlik “Orol dengizi halokatining oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Orolbo‘yi mintaqasini yashil qayta tiklash” loyihasi amalga oshirilmoqda.
O‘z navbatida, Pan Gi Mun Markaziy Osiyoning ekologik muammolaridan yaxshi xabardor ekanini, Orolbo‘yida bir necha bor bo‘lganini, u yerda Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlari haqida shaxsan bilishini taʼkidladi.







