Qashqadaryodagi 48 ta maktabda Finlandiya ta’lim tizimi joriy qilinadi
Bu bo‘yicha Prezident mutasaddilarga topshiriq berdi.

Bugun, 25-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yil yakuniga qadar qilinadigan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati hokimi M.Azimov hududni rivojlantirish ishlari holati va istiqboldagi maqsadlar yuzasidan hisobot berdi. Hokimning hisobotini tinglab, Prezident mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.
Jumladan, mutasaddilarga Qashqadaryoda ijtimoiy sohani yaxshilash maqsadida quyidagi vazifalar yulandi:
—13 ta bog‘chani qayta qurish hamda 14 ta mahallada yangi bog‘cha qurish loyihasini 2023 yil investisiya dasturiga kiritish;
— yil yakuniga qadar 189 ta oilaviy bog‘cha tashkil etishga 4,5 milliard so‘m, 2023 yilda 380 ta bog‘cha tashkil etishga 52 milliard so‘m subsidiya ajratish;
—bir oy muddatda “Ona va bola tibbiyot markazi”ni jihozlash bo‘yicha loyihani tayyorlash;
— kelgusi ikki yilda Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Koson, Nishon va Chiroqchida qo‘shimcha 550 o‘rinli tug‘ruq komplekslarini tashkil etish;
—yil yakuniga qadar zamonaviy tibbiy uskunalar xaridi uchun 2 milliard so‘m ajratib, 21 turdagi yuqori texnologik amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish;
— yil yakuniga qadar Kitob va Qarshi tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlarini tashkil etish bo‘yicha taklif kiritish;
— bir oy muddatda 48 ta maktabni tanlab olib, kelgusi o‘quv yilidan Finlyandiya ta’lim tizimini joriy etish.








