Namangan hokimi avtomashinasi 5 yoshli bolani urib yubordi
Holat yuzasidan hokimlik rasmiy izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati hokimining xizmat avtomashinasi Uychi tumanida yo‘lovchini urib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi matubot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 7-oktyabr kuni soat 12:50 larda Namangan–Uychi–Uchqo‘rg‘on yo‘lining 8-kilometrida yuz bergan. Viloyati hokimligi tasarrufidagi Toyota Land Cruiser rusumli avtomashina yo‘lni kesib o‘tayotgan 2017 yilda tug‘ilgan fuqaroni turtib yuborgan. Yo‘lovchini zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. To‘liq tibbiy tekshiruv o‘tkazilgan, jiddiy shikastlanish aniqlanmagan, faqatgina yuz sohasida shilinish bo‘lgan, tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Qo‘shimcha davolanish talab etilmaydi.
“Hozirda yo‘lovchining ahvoli yaxshi va o‘zining uyida odatdagi hayotiy faoliyatini davom ettirmoqda”, — deyiladi xabarda.
Yo‘l transport hodisasi bo‘yicha barcha xujjatlar IIB tomonidan rasmiylashtirilgan.








