Turk diplomatiyasi tobora faollashmoqda
Anqara Rossiya va Germaniya energiya vazirlari muzokaralarini tashkil etmoqchi

Turkiya Rossiya va Germaniya energetika vazirlari uchrashuvini tashkil qilmoqchi. Bu haqda Istanbul iqtisodiy sammitining ijrochi direktori Abdulloh Deger maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muzokaralar 8-9 dekabr kunlari, sammit doirasida o‘tkazilishi mumkin. Ushbu xalqaro tadbirga ko‘plab davlat vakillari taklif qilingan. Unda 2 ming kishi ishtirok etadi.
“Biz nizolashayotgan davlat va tashkilotlarni birlashtirishimiz mumkin. Germaniya va Rossiya energetika vazirlarini uchrashtirishni istaymiz. Bu Turkiya va Istanbul iqtisodiy sammiti uchun katta yutuq bo‘ladi. Men ularga ushbu taklifni jo‘natganman”, – degan Deger.
Ukrainada harbiy nizo boshlangach, Turkiya turli davlatlar o‘rtasidagi asosiy muzokaralar maydoniga aylandi.







