WP: “Putinning oshpazi” va Sergey Shoygu o‘rtasida ziddiyat kuchaygan
Amerika razvedkasi Rossiya oliy harbiy rahbariyatida o‘zaro nizolar kuchayganini taʼkidlamoqda.

“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Vladimir Putin bilan uchrashuvda Rossiya harbiy rahbariyatini tanqid qilgan. Bu haqda The Washington Post gazetasida eʼlon qilingan maqolada so‘z boradi.
Oktyabr boshida gazeta Putinga yaqin bo‘lgan odamlardan biri Prezidentga Ukrainadagi harbiy harakatlar vaqtida yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida ochiq aytgani haqida xabar bergandi. Washington Post bu aynan janob Prigojin bo‘lganini iddao qilmoqda.
Tadbirkor mudofaa vazirligining “Vagner”ga qattiq suyanayotganini keskin tanqid qilgan. Shu bilan birga vazirlik kompaniya jangchilarini yetarli darajada moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamaganini taʼkidlagan.
Bu birinchisi emas
Prigojin bundan oldin ham armiya oliy rahbariyatini ochiq tanqid qilgandi. Nomi sir qolishini istagan amerikalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, “Vagner” asoschisi keskin bayonotlarida Putin shaxsiyatiga tegmaydi va o‘zini tobora “bemalol” his qilyapti. Bu Rossiya harbiy muvaffaqiyatsizliklari fonida uning taʼsiri keskin oshganini ko‘rsatadi.
“U egallagan siyosiy pozitsiyaning mazmuni quyidagicha: ‘Men Yevgeniy Prigojinman. Bu yerda sizga haqiqatni aytish uchun turibman va o‘z ishimni bajardim‘ ”, – degan manbalardan biri.
AQSH razvedkasiga ko‘ra, aynan Prigojin rus askarlarining taʼminotdan arz qilib chiqqan videoning tarqatilishi tashabbuskori bo‘lgan. Bu orqali tadbirkor o‘z harbiy kompaniyasiga ko‘proq moliyaviy mablag‘lar ajratish maqsadida Kremlga bosim o‘tkazishga harakat qilgan.
O‘z navbatida “Vagner” xo‘jayini “Konkord” kompaniyasi orqali Washington Post so‘roviga javob bergan. Unda Prigojin Putin bilan yaqin orada shaxsan gaplashmagani, yaqin kelajakda ham Prezident qabuliga kirmasligini aytgan.
“Men RF Qurolli kuchlari rahbariyatini Ukrainadagi harakatlarini tanqid qilmaganman. Shu sababli hech qanday izoh berolmay man”, – degan biznesmen.
Bundan tashqari, u harbiy ekspert emasligini, shu sababli hech kimni tanqid qilish huquqi yo‘qligini, sababi harbiy ekspert emasligini aytgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa holatga izoh berishdan bosh tortgan.
Shoygu bilan kelishmovchiliklar
Amerika razvedkasining alohida punktida Prigojin va mudofaa vaziri Sergey Shoygu o‘rtasida ziddiyat kuchaygani qayd etilgan.
Harbiy harakatlarda Prigojin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov kabi shaxslarning rolining o‘sib borayotgani ayrim rossiyalik siyosatchilarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Ularni harbiy yetakchilar sifatida emas, balki o‘z qoidalari bilan o‘ynaydigan avantyuristlar sifatida ko‘rishmoqda.
Prigojin uzoq yillar davomida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga aloqasi borligini inkor etib kelgan. Ammo 2022 yil sentyabrida harbiy kompaniyaga asos solganini tan oldi.







