Toliblar Afg‘onistonni Xitoyning yirik tashabbusiga qo‘shmoqchi
Bu bo‘yicha Xitoy elchisi bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

"Tolibon" Xitoydan Afg‘onistonni "Bir kamar — bir yo‘l" loyihasiga qo‘shishni so‘radi. Bu haqda Afg‘oniston muvaqqat hukumati raisi o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar XXR elchisi Van Yuy bilan uchrashuvda gapirgan.
Xitoy diplomatik missiyasi rahbari bilan muzokaralarda, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi yirik iqtisodiy loyihalar ham muhokama qilingan.
"Xitoy va Afg‘onistonni tarixiy aloqalar bog‘lab turadi. Afg‘oniston Islom Amirligi (toliblar davlatni rasman shunday nom bilan ataydi) bu munosabatlarni davom ettirishni istaydi", — degan Barodar.
Shu bilan birga u Kobul Pekinning afg‘on iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritishidan manfaatdor ekanini qayd etgan.
O‘z navbatda Van Yuy Xitoy tomoni tez orada iqtisodiy loyihalarning amaliy qismiga o‘tishini maʼlum qilgan.
Avvalroq Bill Geyts "Tolibon" bilan sog‘liqni saqlash yo‘nalishida hamkorlik qilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.







