Qashqadaryoda yana iste’molga yaroqsiz go‘sht aniqlandi
Holat yuzasidan viloyat IIB ma’lumot berdi.

Kecha, 27-oktyabr kuni Qashhqadaryo viloyatining Kitob tumanida avtomobilda ortib ketilayotgan sifasiz go‘sht mahsulotlari to‘xtatib qolindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, soat 21.30 larda Kitob–Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelgan Nexia–2 rusumli avtomashina Kitob tuman hududida joylashgan “Mingchinor” muntazam YPX maskanida to‘xtatilgan.
Haydovchi Shahrisabz shahrida yashovchi H.D. boshqaruvidagi avtomashina saloni va yukxonasi IIB YHXB va Karantin bo‘linmasi xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda tegishli veterinariya ma’lumotnomalarisiz, 250 kilogramm og‘irlikdagi yirik shoxli qoramol go‘shti borligi aniqlangan.
Go‘sht mahsulotlari Qashqadaryo viloyati hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyasida tekshirib ko‘rilganda iste’molga yaroqsizligi ma’lum bo‘lgan.
Go‘sht mahsulotlari iste’molga yaroqsizligi bois tegishli tartibda yo‘q qilingan. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida avtomashinada Toshkentga sifatsiz go‘sht mahsulotlarini olib ketayotgan aniqlangandi.








