Samarqandda sof oltinni pullayotgan shaxslar ushlandi
Hozirda ish bo‘yicha tergov boshlangan.

“999,9” probali sof oltinni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, Departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Fuqarolar D.E. va B.R. noqonuniy daromad orttirish maqsadida Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Sultonobod” MFY hududida fuqaro B.ga og‘irligi 474,75 gramm bo‘lgan 1 dona oltinga o‘xshash sariq rangli quyma metallni 287,3 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 1 dona sariq rangli metallning 469,52 grammi “999,9” probali sof oltin ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








