Gormonlarni o‘zboshimchalik bilan qo‘llash tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi
Jumladan, u xavfli o‘smalarning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tibbiyotda ayrim bemorlarni davolash uchun sun’iy gormon dori vositalaridan foydalaniladi. Biroq har qanday farmasevtik mahsulot kabi mazkur preparatlarning ham inson organizmiga salbiy ta’siri kam emas.
Ayniqsa, gormonal vositalarni noto‘g‘ri qo‘llash va o‘zboshimchalik bilan qabul qilish organizmda tuzatib bo‘lmas salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, xotin-qizlar, homilador ayollar ushbu dorilardan mutaxassis nazoratisiz foydalanishi juda xavfli.
Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O‘rinboyeva bu borada o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
“Gormonal dori vositalari ayollarda ko‘pgina ginekologik kasalliklar va hayz sikli buzilishining oldini olishda shifokor tomonidan buyuriladi. Faqat ularni qabul qilish mutaxassisning qat’iy nazorati va kuzatuvi ostida bo‘lishi zarur”, — deydi mutaxassis.
Noto‘g‘ri va palapartish gormon terapiyasidan foydalanish ayollar sog‘ligida jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan, bunday preparatlarni noo‘rin qo‘llash xotin-qizlarning tana vazni oshishiga ta’sir qiladi. Qolaversa, yurak-qon tomir xastaliklari rivojlanishi xavfini oshiradi.
Shuningdek, oshqozon-ichak trakti kasalliklari, allergik reaksiyalar, xavfli va xavfsiz o‘smalarning rivojlanishi, asab va ruhiy buzilishlar, tanada suyuqlik to‘planishi, tuxumdonlarda kistalarning shakllanishi, temir tanqisligi, tromboz kabi kasalliklar ham aynan gormonlarni noo‘rin qo‘llash oqibatida yuzaga kelishi mumkin.
Bundan tashqari, tanada lipidlar almashinuvining buzilishi, jigar kasalligi, bachadon hamda vaginal qon ketish, malign neoplazm holatlarida ayollar uchun gormonal terapiya o‘tkazish aslo mumkin emas. Bronxial astma, epilepsiya, migren bilan og‘rigan ayollarga esa bu muolaja ehtiyotkorlik bilan buyurilishi lozim.
“Eng asosiysi, gormonal dorilardan bemor opa-singillarimiz mustaqil yoki yaqinlarining maslahati bilan foydalanmasligi zarur. Aks holda, yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu holat tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi”, — deydi shifokor.








