Yakkabog‘da to‘xtab turgan MAN yonib ketdi
Holat yuzasidan FVB ma’lumot berdi.

Kecha, 29-oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yuk mashinasi yonib ketdi. Holat yuzasidan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, soat 21:43 larda Yakkabog‘ tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga fuqarolardan yuk mashinasi yonayotganligi to‘g‘risidagi xabar kelib tushgan. Xabarga ko‘ra, voqea joyiga soat 21:50 larda qutqaruv xizmatidan 1 ta bo‘linma yetib borib, yong‘inni taxminan soat 22:13 lar atrofida to‘liq o‘chirgan.
Hodisa tumanning “Oqtosh” MFY hududidan o‘tuvchi yo‘l yoqasida yuz bergan. Aniqlanishicha, ushbu transport vositasi Samarqand viloyati Narpay tumanida yashovchi 1979-yilda tug‘ilgan fuqaro Z.X. boshqaruvidagi “MAN” rusumli yuk mashinasi bo‘lgan.
Yong‘in oqibatida yuk avtomobilining old (kabina) qismi yonib zararlangan. Hech kim tan jarohati olmagan. Yong‘in sababi va zarariga aniqlik kiritilmoqda.
Javohirbek TURSUNOV








