Samarqanddagi YTHda yuk mashinasi yonib ketdi
Holat bo‘yicha FVV ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida yuk mashinasi yo‘l-transport hodisasi oqibatida yonib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, hodisa bugun, 31-oktyabr kuni M-39 “Toshkent–Termiz” avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati hududida yuz bergan. “DAF” rusumli yuk avtomashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, “LADA” rusumli avtomashinaga borib urilgan. To‘qnashuv natijasida yuk avtomashinasida yong‘in kelib chiqqan.
2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 15:32 da voqea joyiga yetib borgan va olov soat 15:50 da bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. Transport vositasining saloni, qisman yukxonasi va unga ortilgan mahsulotlari yonib zararlangan.








