Toshkentdagi maktablarda ichiga giyohvand modda solingan saqich tarqatiyaptimi?
Shahar IIBB ijimoiy tarmoqda tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 60-sonli va 110-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tarkibida giyohvandlik moddalari bo‘lgan saqich va shirinliklar tarqatilayotganligi haqidagi audioxabarlar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, tarqalgan xabar bo‘yicha Toshkent shahar IIBB mas’ullari tomonidan ushbu maktablarda o‘rganish ishlari o‘tkazilgan va bu kabi holatlar qayd etilmagani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, Toshkent shahridagi barcha umumta’lim maktablarida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar faoliyat yuritib kelmoqda. Ular tomonidan o‘quvchilar o‘rtasida turli xil salbiy holatlarni, shuningdek giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki snyus kabi moddalarni iste’mol qilinishini oldini olish maqsadida muntazam ravishda profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi.








