Otangga bor, onangga bor
Sarson ekologik muammoga yechim bormi?

17 oktyabr kungi havoning ifloslanish darajasi rekord qayd etgani ko‘pchilikka ma’lum. Bu natija esa 2 yildan buyon takrorlanmoqda. Buni qarangki, aynan ushbu rekord qayd etilgan kundan 1 hafta avval bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarning ushbu masala yuzasidan savolga qo‘mita raisi o‘rinbosari biroz asabiylashgan holda javob bergandi.
“Meniyam savolim borda. Shu Toshkent shahrini havosi 2-o‘rinda 3-o‘rinda degan narsalarni men bilan bir tahlil qilaylik. Qayerda fakt bor, unaqaq faktning o‘zi yo‘q. Toshkent shahrining yashilligi, dunyoning sanoqli mamlakatlarida bunaqa yashillik bor. Elchixonaning ichidan chiqqan bitta material bilan u sayt butun bir dunyoni saytiga o‘tirg‘izmaslik kerak”.
Javob yakunida Gidreometrologiya xizmatining manbalariga ishonib ishlash kerakligi ham ta’kidlangandi.
Markaz mutaxassislari esa buning aksini gapirmoqda. Elchixona hududidagi havoning ifloslanish darajasini o‘lchovchi datchik ishlamayotgan ekan, ammo poytaxtdagi 2 ta avtomatik stansiya Amerikaning IQAIR saytiga uzatgan ma’lumotlar natijalarni tasdiqlagan.
Ekologiya qo‘mitasining yashillik bo‘yicha gapi ko‘pchilikni hayron qoldirgan bo‘lsa ajab emas. Chunki shaharda yashayotganlarning ko‘pchiligi qachonlardir yashillikka burkangan bog‘lari bugun avvalgidek ko‘rkka ega emas.
Mana bunday 16 yillik yashillik darajasi o‘zgarishini ko‘rsatayotgan rasmlar esa ig‘vogarlar tomonidan to‘qib chiqarilgandir, balki? Lekin bugun yurtimizga boshqa davlatdan kelib, qaytayotganda zaharli havo haqida gapirayotganlarga qanday javob berish mumkin.
“Toshkentga kelgan kunim (24-oktyabr) baxtimga yomg‘ir yog‘ayotgan ekan, havo juda toza edi. Lekin yomg‘ir tingach, haqiqatan havoning iflosligi, nafas olib bo‘lmasligini sezdim. Shaxsiy mashinalarning ko‘pligi, ulardan chiqayotgan zaharli tutun tufayli shahar havosi me’yoridan-da yomonlashib bormoqda. Aynan shular ham Toshkent havosining ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda. Qandaydir yechimini, albatta, topish shart”, — deydi Nobel mukofoti sovrindori Raye Kvon Chung internet nashriga bergan intervyusida.
Ekoblogerlardan birining fikriga ko‘ra, bugun avtomashinalar soni ortishi, qurilishning keskin ko‘payishi va buning natijasida yashillikning yo‘qolishi kabi tabiatga zarar omillarning bari bir vaqtda O‘zbekistonda sodir bo‘lyapti. Chet mamlakatda qurilish maydonlari oldida changni bosish uchun suv sepish uskunalar o‘rnatiladi, bizda esa yo‘q.
Qurilish sohasi esa alohida mavzu. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022- yilning yanvar–aprel oylarida hududlar bo‘yicha qurilish ishlarining eng yuqori o‘sish sur’ati Toshkent shahrida kuzatilgan. Bu esa 2021-yilning mos davriga nisbatan 111,2 foizni tashkil etadi. Tinimsiz qurish va buzilishlarning yetkazayotgan zarariga ko‘ra esa hech qanday chora yo‘q.
Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan ma’lumot berilishicha, hozirda 2 mln 300 ming tonna atrofida atmosfera havosiga chiqindi chiqyapti. Uning katta qismi avtomobillar va keyingi o‘rinda sanoat korxonalari hisobiga to‘g‘ri kelyapti. Bugun jamoat transportidan ko‘ra shaxsiy avtomobillar soni ortib bormoqda. Chunki bu tizim ham tartibga solinmagan. Bir avtobusda tiqilib o‘qishga, ishga qatnash ko‘pchilikka yoqmaydi, albatta.
4-noyabrda sodir bo‘lgan chang bo‘roni ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.
Mana shunday tabiat hodisalariga, ekologiyaning buzilishiga yechim bo‘lishi uchun bundan bir necha kun oldin esa Prezidentimiz tomonidan yashil makon loyihasi e’lon qilingan edi.
Loyiha doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Lekin bu daraxtlar ham haligacha niholligacha qad ko‘tarib turibdi xolos. Birgina Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ekilgan nihollarning daraxt bo‘lgani hisoboti berildi xolos. Ko‘chat o‘tqazish joyining yaxshilab ko‘zdan kechirilmagani sabab 4 mlndan ortiq ko‘chat nobud bo‘lish holigacha kelib qolganligi haqida ham ma’lumotlar bor.
Bugun havoning iflosligidan aziyat chekayotgan ayrim aholi vakillarining o‘zi ham bor yashillikni yo‘q qilish bilan ovora. Masalan, Chilonzorda 58 tup daraxt noqonuniy kesib tashlandi. Mirobodda daraxtlarni sun’iy quritish yo‘llari tanlandi, 531 tup daraxt esa yoqib yuborilgan.
Birgina “yashil” olam shahar havosini 2–8 darajaga salqinroq saqlaydi. Bugun “betonlashayotgan” Toshkent havosi esa suv havzalari kamligi bois quruqlashib ketmoqda.
Hozir Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Ekologik kodeks ishlab chiqish masalasi bo‘yicha muhokamalar boshlangan. Unda bu muammolarga yechim bo‘lishi mumkin bo‘lgan takliflar ham bor.
Shahar bo‘ylab yashil belbog‘ tashkil etish, ko‘chalarga suv sepish takliflari ham bor. Ammo Ularni amaliyotga qo‘llashdan avval yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar chuqur tahlildan o‘tkazilisa, maqsadga muvofiq.








