Toshkent viloyatida maktab uchun ajratilgan pullar “yeb yuborildi”
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.

Angren va Chirchiq shaharlarida maktab jihozlari uchun ajratilgan mablag‘larni talon-taroj qilish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “T.Z.” MCHJ rahbari G.Q. Angren shahridagi maktab-internati direktori V.U. bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu maktabga aslida yetkazib berilmagan maktab jihozlarini qabul qilib olganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni soxtalashtirish orqali 474,3 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, departamentning Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “T.Z.” MCHJ ish yurituvchisi F.Q., yordamchisi Sh.A. va Chirchiq shahridagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori G.M. bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu MCHJ tomonidan maktabga aslida yetkazib berilmagan ofis mebellarini qabul qilib olganligi yuzasidan hujjatlarni soxtalashtirish orqali 124,2 mln so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov haraktlari o‘tkazilmoqda.








