Farg‘onada IIB xodimlari fuqaroni do‘pposlab olib ketgani aytildi
Holat yuzasidan viloyat IIB rasmiy izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Quva tumanida IIB xodimlari fuqaroni rezina tayoq bilan do‘pposlab, mashinaga majburan o‘tqazishgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 4-noyabr kuni Quva tumani IIB profilaktika inspektori M.T. va S.J.lar “Pastki Xo‘ja Xasan” MFY hududida fuqaro O.Y. mast holatda jamoat tartibini buzayotganligini ko‘rib, shaxsiga oydinlik kiritish va mastlik holatini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvga borishga taklif qilinganda fuqaro O.Y. IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan.
Xodimlar “Ichki ishlar to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasi hamda Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va o‘q otar qurolni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi 55-sonli buyrug‘i talablaridan kelib chiqib, huquqbuzarlik holatini bartaraf etish uchun O.Y.ga nisbatan maxsus vosita–rezina tayoqdan foydalanishgan.
Mazkur holat shu kunning o‘zida tegishli tartibda ro‘yhatga olinib, O.Y.ning xatti-harakatlari yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-, 194-moddalariga asosan hujjatlar rasmiylashtirilgan.
“Fuqaro O.Y. bilan suhbatlashilganda haqiqatdan ham o‘sha kuni o‘ta mast holatda bo‘lganligini, xodimlarga nisbatan qilgan xatti-harakatlaridan afsusda ekanligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Hozirda videotasvirdagi IIO xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.








