O'zbekiston

Turkiy davlatlar tashkiloti: hamkorlik istiqbollari

So‘nggi davrlarda ko‘plab mamlakatlar mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlikni afzal ko‘rishmoqda. Ana shunday tashkilotlardan biri Turkiy davlatlar tashkilotidir.

Turkiy davlatlar tashkiloti: hamkorlik istiqbollari

 


Dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada pragmatik va dinamik tusga kirib bormoqda. Universal tusga ega xalqaro tashkilotlar o‘rnini tobora ko‘proq mintaqaviy tashkilotlar egallamoqda. So‘nggi davrlarda ko‘plab mamlakatlar mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlikni afzal ko‘rishmoqda.


Aksariyat mintaqaviy tashkilotlar milliy manfaatlarni hisobga olgan holda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning eng samarali platformasini yaratmoqda. Ana shunday mintaqaviy tashkilotlardan biri Turkiy davlatlar tashkilotidir.


Mazkur tashkilot faoliyati tarixida uchta katta o‘zgarish sodir bo‘ldi. 1992 yili Turkiy tilli mamlakatlar sammiti chaqirilib, bu Turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasidagi integrasiya uchun birinchi qadam edi. 1992 yildan 2009 yilgacha to‘qqizta sammit o‘tkazilgan bo‘lib, so‘nggi sammit natijasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini (Turkiy kengash) tuzish to‘g‘risida Naxichevan bitimi imzolandi. 2021 yili esa Kengash Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb o‘zgartirildi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan bu yilgi sammit TDTning birinchi sammiti bo‘lib, ushbu tadbirga qiziqish har doimgidan ko‘ra yuqoriroqdir.


Bugun TDT beshta mamlakatni – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekistonni birlashtiradi. Yana ikki mamlakat – Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega. Ushbu mamlakatlarda taxminan 160 millionga yaqin aholi yashaydi, bu dunyo aholisining 2 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Ushbu mamlakatlar hissasiga sotib olish qobiliyati pariteti bilan hisoblangan dunyo YAIMning 3 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladi.


TDTning o‘ziga xosligi ushbu tashkilotning hamkorlik uchun ko‘p qirrali yo‘nalishlari mavjudligida ifodalanadi. Xususan, Naxichevan bitimining 2-moddasiga binoan tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash masalalari, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnik, harbiy-texnik, ta’lim, energetika, transport, kredit sohalarida samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari tashkilotning muhim maqsad va vazifalari orasidan o‘rin olgan. O‘z navbatida, TDT doirasidagi hamkorlik savdo va investisiya uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, bojxona va tranzit tartibini yanada soddalashtirish, shuningdek, fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini ommalashtirishga qaratilgan.


Ushbu maqsadlarga erishish uchun TDT qoshida 6 ta tuzilma – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros fondi, Turkiy savdo-sanoat palatasi, TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunday tashkiliy tuzilma TDT oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan.


TDT doirasidagi hamkorlikning iqtisodiy samarasini O‘zbekiston misolida ko‘rish mumkin. 2021 yili O‘zbekiston TDT davlatlari bilan 9,3 milliard AQSH dollari miqdorida savdo operasiyalarini amalga oshirdi. Ularning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 22 foizdan ziyodni tashkil etdi. Umuman olganda, 2016 yilga nisbatan 2021 yili O‘zbekiston va TDT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar oshdi.


Fikrimizcha, TDT doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qo‘yidagilarni belgilash maqsadga muvofiq.


Birinchi yo‘nalish – iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish. Bugungi kunda eng dolzarb bo‘lgan masalalardan biri iqtisodiy masalalar sanaladi. Iqtisodiyotni mustahkamlash qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va boshqa muhim choralarni o‘z ichiga olishi kerak. Bu maqsad o‘tgan yili 8-sammitda qabul qilingan “Turk dunyosi nigohi – 2040” strategik hujjatiga ham mos keladi. Ushbu hujjat TDT davlatlarida iqtisodiy integrasiyani hisobga olgan holda farovon jamiyatlarni yaratish muhimligini ko‘rsatadi.

 

Mazkur yo‘nalish doirasida TDT huzurida Investisiya fondi va Taraqqiyot bankini yaratish g‘oyalari ham istiqbolli sanaladi. Bunday loyihalar mamlakatlarga o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va investisiyalarni yanada samarali boshqarish imkonini beradi.


Savdo hamkorligi nuqtai nazaridan Kaspiy dengizi orqali Sharq-Gʻarb yo‘laklari orqali savdo qilishdagi iqtisodiy to‘siqlarni olib tashlashga e’tibor qaratish lozim. Bizningcha, “Turkiston yo‘lagi”ning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi muhim bo‘lib, uning doirasida bojxona tartiblari soddalashtirilishi va uyg‘unlashtirilishi maqsadga muvofiq.


Bu yo‘nalishda ishlar boshlangan. 2021 yil noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “Raqamli TIR” pilot loyihasi ishga tushirildi va mart oyida ushbu loyiha Qirg‘izistonni ham qamrab oldi.


Tashkilot dunyoda birinchi marta O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ePermit loyihasini test rejimida ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldi, keyingi bosqichda esa Qozog‘iston bilan ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv mavjud.


Bundan tashqari, TDT mamlakatlarida BMTning Yevropa bo‘yicha iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda eCMR vositasini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.


Mazkur yo‘nalishda investisiya loyihalarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Xususan, o‘zaro manfaatli investisiya faoliyatini amalga oshirish tashkilotga a’zo mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonning manfaatlari uchun ham mos keladi. TDTga a’zo mamlakatlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2,5 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya kiritdilar (bu tegishli davrdagi xorijiy investisiyalar umumiy hajmining 10  foizini tashkil etadi). Ulardan bir milliard AQSH dollardan ortiq yoki 41  foiz mablag‘ 2021 yili investisiya qilingan. 2017 yildan boshlab TDT mamlakatlaridan O‘zbekistonga investisiyalarning o‘sishi 30 foizga teng.


Ikkinchi yo‘nalish – raqamli transformasiya. Bugungi kunda raqamlashtirish har qanday davlat uchun rivojlanishning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shuning uchun bu masala TDT uchun eng dolzarbdir. Bu yo‘nalishdagi maqsadlar 2021 yili “Turk dunyosi nigohi – 2040” strategik hujjatida ko‘rsatilgan edi. Jumladan, hujjatda telekommunikasiya infratuzilmasini yaxshilashga imkon beradigan mintaqalararo raqamli aloqani o‘rnatish nazarda tutilgan.


Sun’iy intellekt texnologiyalariga alohida e’tiborni hisobga olgan holda, bu masala doirasida ham hamkorlik qilish kerak. Xususan, bunday texnologiyalardan iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish uchun ham, shahar infratuzilmasini yaxshilash uchun ham foydalanish mumkin. Ko‘pgina mutaxassislarning fikricha, sun’iy intellekt texnologiyalari trafikni boshqarish, logistika va jamoat tartibi masalasini hal qilishi mumkin.


Uchinchi yo‘nalish – madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash. Tarixan TDT ishtirokchi mamlakatlari xalqlari bir xil ildizlarga ega. Shu bois madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish TDT mamlakatlari uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik, akademik almashinuv, qo‘shma madaniy tadbirlar. Shu munosabat bilan Turkiy madaniyat va san’atni birgalikda rivojlantirish tashkiloti doirasidagi hamkorlik nuqtalarini kengaytirish lozim.


Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, TDT turkiy tilli mamlakatlarni birlashtirgan, ko‘plab sohalarda rivojlanish istiqbollariga ega bo‘lgan istiqbolli mintaqaviy tashkilotdir. Shuning uchun ushbu tashkilotning barcha a’zolari, shu jumladan, O‘zbekiston uchun TDT doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash har tomonlama rivojlanish va barqarorlikni ta’minlashga, iqtisodiy o‘sishni oshirishga va mamlakatlar taraqqiyotini rag‘batlantirishga xizmat qilishi mumkin.


Abdulaziz RASULEV, Shohjahon XO‘JAYEV

 

Turkiyada ikki qidiruvdagi shaxs ushlandi: biri 9 yildan beri qochib yurgan

Turkiyada ikki qidiruvdagi shaxs ushlandi: biri 9 yildan beri qochib yurgan

Ikki fuqaro belgilangan tartibda O‘zbekistonning vakolatli organlariga topshirildi.

Paxta terimi puli vaqtida to‘lanmagan: terimchilarga qariyb 9 mlrd undirib berildi

Paxta terimi puli vaqtida to‘lanmagan: terimchilarga qariyb 9 mlrd undirib berildi

Davlat mehnat inspeksiyasi hududlarda monitoring o‘tkazdi.

Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda

Elektr va gaz uchun kompensatsiya: 470 ming oilani qamrab olish rejalashtirilmoqda

Elektr energiyasi va gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’moli xarajatlarining bir qismini qoplash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi.

Samarqandda 2 mingta mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi

Samarqandda 2 mingta mashina jarima maydonchasiga joylashtirildi

MIB hamda YHXB hamkorligida o‘tkazilgan qo‘shma reydlar davomida 9 oyda 2 152 ta avtotransport vositalari vaqtinalik saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan, shundan 1 856 tasi jarimalarni to‘laganligi sababli jarima maydonchasidan chiqarilgan.

Aliment o‘rniga uy-joy va “NEXIA 3”: Toshkentda ota farzandlari taʼminotini oldindan taʼminladi

Aliment o‘rniga uy-joy va “NEXIA 3”: Toshkentda ota farzandlari taʼminotini oldindan taʼminladi

Hozirgi kunda mazkur ijro hujjatida belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilganligi munosabati bilan ijro ishi qonunning 37-moddasiga asosan tamomlangan.

Toshkentda MIB orqali kechiktirilgan ish haqi undirildi

Toshkentda MIB orqali kechiktirilgan ish haqi undirildi

Ijro harakatlari natijasida qarzdor tomonidan undiruvchi sobiq xodim foydasiga jami 195 mln so‘m to‘liq to‘lab berildi.

Toshkentda ota 190 mln alimentni oldindan to‘ladi

Toshkentda ota 190 mln alimentni oldindan to‘ladi

Shu tariqa uch nafar farzandning taʼminoti kafolatlandi.

Toshkent viloyatida kredit qarzi sabab Volkswagen xatlandi

Toshkent viloyatida kredit qarzi sabab Volkswagen xatlandi

Maʼlum bo‘lishicha, fuqaro 843 mln  qarziga beparvo munosabatda bo‘lgan.

Turkiy davlatlar tashkiloti: hamkorlik istiqbollari | Zamon.uz