Farg‘onada IIBga olib ketilgan o‘smir 2 kun o‘tib, vafot etdi
Holatga viloyat prokuraturasi munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada IIB binosidan 15 yoshli o‘smirning murdasi chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Uchko‘prik tumani “Sulton” MFYda yashagan voyaga yetmagan (2007 yilda tug‘ilgan) R.A. joriy yilning 16 oktyabr kuni Buvayda tumani Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lganida IIB xodimlari tomonidan ushlangan. Tuman IIB boshlig‘ining shu kungi qarori bilan u Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat IIB JXX HPB VEIHYOKMga joylashtirilgan.
17-oktyabr kuni R.A. ning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketgan. Unga tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18 oktyabr kuni Jinoyat koleksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davomida jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, holat yuzasidan IIB JXX HPB VEIHYOKM xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.








