WP: AQSHning Ukrainaga nisbatan siyosati o‘zgarishi mumkin
Bu Kongress oraliq saylov natijalariga bog‘liq.

AQSH Kongressiga oraliq saylovlarda Respublikachilar g‘alaba qozonsa, Ukrainaga nisbatan siyosat qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda The Washington Post yozmoqda.
Gazetada eʼlon qilingan maxsus maqolada ayrim respublikachilarning fikrlariga iqtibos berilgan. Mualliflar Kongressda respublikachilar ko‘pchilik o‘rinni egallagan taqdirda, Ukraina masalasiga eʼtibor susayishi va asosan AQSH ichki muammolariga ustuvorlik berilishini taxmin qilgan.
Masalan, Vakillar palatasi aʼzosi, respublikachi Teylor Grin “respublikachilar davrida Ukrainaga bir tiyin ham berilmasligi”ni aytgan. Respublikachilarning palatadagi yetakchisi Kevin Makkarti ham shu pozitsiyada.
Partiyaning ushbu pozitsiyasi demokratlar boshchiligidagi Oq uy harakatlariga qarama-qarshi bo‘lishi taʼkidlangan.
“Bayden va uning ittifoqchilari Ukraina uchun kurashni demokratiya va liberal dunyo tartiboti uchun kurash sifatida baholamoqda”, – deyiladi maqolada.
AQSH Kongressiga oraliq saylovlar 8-noyabrda bo‘lib o‘tadi.







