"Insoniyatning tanlovi bor: hamkorlik qilish yoki halok bo‘lish"
BMT Bosh kotibi dunyo "jamoaviy o‘z joniga qasd qilish" xavfi ostida ekanidan ogohlantirdi.

Antoniu Guterrish Misrda bo‘lib o‘tayogan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global konferensiya (COP27) Jahon yetakchilari sammitida dunyo yetakchilarini insoniyat global isishga qarshi kurashda birgalikda ishlash yoki «jamoaviy o‘z joniga qasd qilish» o‘rtasida qiyin tanlov oldida turgani haqida ogohlantirdi.
Qizil dengizdagi kurort shahri Sharm ash-Shayxda bo‘lib o‘tayotgan sammit iqlim muammolarini, jumladan, emissiyalarni qisqartirish va harorat ko‘tarilishi taʼsirida atmosferadan zarar ko‘rgan rivojlanayotgan mamlakatlarga moliyaviy yordam ko‘rsatishni muhokama qilish uchun yig‘ilgan 120 dan ortiq hukumat vakillarini birlashtiradi.
"Insoniyatning tanlovi bor: hamkorlik qilish yoki halok bo‘lish. Bu iqlim bo‘yicha birdamlik pakti yoki jamoaviy o‘z joniga qasd qilish shartnomasi", — dedi BMT Bosh kotibi.
Bugungi kunda butun dunyo davlatlari Birgina joriy yilning o‘zida minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va milliardlab dollar xarajat qilgan tabiiy ofatlar kuchayib borayotgani, Nigeriya va Pokistondagi halokatli suv toshqinlari, AQSH va Afrikadagi qurg‘oqchilik va uch qitʼada misli ko‘rilmagan jazirama to‘lqinlari bilan kurashmoqda.
"Biz falokatlarni birin-ketin ko‘rdik. Bir falokatga dosh berishimiz bilanoq, boshqasi paydo bo‘ladi - azob-uqubatlar va yo‘qotishlar to‘lqini. Bu azob-uqubatlarga chek qo‘yish vaqti kelmadimi?" — dedi Misr Prezidenti Abdel Fattoh as-Sisiy.
A.Guterrish dunyo yetakchilariga murojaatida iqlim o‘zgarishini chetga surib qo‘ymaslik kerakligini aytdi.
U sanoati rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarni «iqlim bo‘yicha birdamlik pakti»ni tuzishga chaqirdi. Shu bilan birga, u AQSH va Xitoyning alohida masʼuliyatiga ishora qildi. Shartnomaga ko‘ra, mamlakatlar Parij iqlim kelishuviga muvofiq haroratni sanoatgacha bo‘lgan darajadan 1,5 darajaga ko‘targan holda emissiyalarni ikki baravar kamaytirishi kerak.
Mavjud tendensiyalarga ko‘ra, o‘n yillikning oxiriga kelib uglerodning ifloslanishi 10 foizga oshadi, Yer yuzasi Selsiy bo‘yicha 2,8 darajaga qiziydi.
"Biz iqlim do‘zaxiga ketyapmiz va oyog‘imiz hali ham tezlatgichda", — dedi Guterrish.
Shuningdek, u zaif mamlakatlarga yordam berish boyroq ifloslantiruvchilar uchun «axloqiy majburiyat» ekanini aytdi.
Mamlakati issiqxona gazlarini chiqarish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadigan Xitoy yetakchisi Si Szinpin sammitda qatnashmayapti. Mamlakati ikkinchi eng katta ifloslantiruvchi bo‘lgan AQSH prezidenti Jo Bayden seshanba kuni bo‘lib o‘tadigan Kongressga oraliq saylovlardan so‘ng shu hafta oxirida COP27ga qo‘shiladi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron AQSH, Xitoy va Yevropadan tashqari sanoatlashgan boshqa mamlakatlarni emissiyalarni kamaytirish va boshqa mamlakatlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish borasidagi saʼy-harakatlarini “tezlashtirishga” chaqirdi.
Yakshanba kuni delegatlar «zarar va xavf» haqidagi bahsli masalani sammit kun tartibiga qo‘yishga rozi bo‘lgach, rivojlanayotgan mamlakatlar rahbarlari kichik g‘alabaga erishdilar.
A.Guterrishning taʼkidlashicha, COP27 yo‘qotish va zarar uchun «vaqt jadvali bilan aniq yo‘l xaritasi» bo‘yicha kelishib olishi kerak, bu esa «samarali institutsional moliyalashtirish mexanizmlarini» taʼminlaydi.
"Yo‘qotish va zarar bo‘yicha aniq natijalarga erishish hukumatlarning COP27 muvaffaqiyatiga sodiqligi uchun lakmus sinovidir", — dedi u.
Shuningdek, sanoati rivojlangan va rivojlangan mamlakatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga o‘z iqtisodiyotlarini yashillashtirish va kelajakdagi iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni oshirishga yordam berish uchun yiliga 100 milliard dollarlik rejani belgilashi kutilmoqda.
COP27 sammiti 18-noyabrga qadar davom etishi rejalashtirilgan, ikkinchi haftada vazirlar bahsga qo‘shilishadi.







