Andijon SSB rahbari vazifasidan ketmoqda
Holat bo‘yicha viloyat hokimligi ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i ishdan olinishi kutilayogani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yili 8 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunning 13-moddasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisiga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’yektida tashkiliy boshqaruv, ma’muriy xo‘jalik vazifalarini bajarishga cheklovlar qo‘yilgan.
Andijon viloyati hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Jur’atbek Quvvatov tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi.
“Yuqoridagi Qonun kuchga kirishi munosabati bilan, Qonunning 19-moddasida ta’kidlangan manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish maqsadida J.Quvvatov egallab turgan lavozimidan (Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i) ozod qilinishini so‘rab ariza bilan murojaat etganligi ma’lum qilinadi”, — deyiladi xabarda.








